Yana ikki nafar sportchimiz Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

0
83

Xabaringiz bor, shu kunlarda BAAning Dubay shahrida paraatletika bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Quvonarlisi, bugungi musobaqalar vakillarimiz uchun omadli kechmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, bugun erkaklar o‘rtasida yadro uloqtirish bo‘yicha F12 yo‘nalishida final bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda vatanimiz sharafini himoya qilgan Elbek Sultonov 15.39 metr natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, bu muvaffaqiyat Elbekka kelgusi yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani ham taqdim etdi.

Ta’kidlash joiz, bungacha Elbek Sultonov jahon arenalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan va 2018 yilda Xalqaro turnir hamda Paraosiyo o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘lgandi.
Bugun shuningdek, paraatletika bo‘yicha jahon chempionatining erkaklar o‘rtasida yadro uloqtirish bo‘yicha F41 yo‘nalishida ham final musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, ushbu bahslarda hamyurtimiz Bobirjon Omonov 14.03 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. E’tiborlisi, Bobirjon o‘z natijasi bilan chempionat rekordini o‘rnatdi hamda Germaniya va Buyuk Britaniyalik Paralimpiya o‘yinlarining chempionlarini ham ortda qoldirishga erishdi. Bu bilan sportchimiz Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, Omonov musobaqaning eng yosh sportchisi hisoblanadi.

Bobirjon Omonov bungacha 2017 yilgi yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlari hamda 2018 yili Jakartada o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlarida oltin medalga sazovor bo‘lgandi.

Bu haqda aniq.uz habar bermoqda.

Kommentariya qoldirish