Sug‘urtaga to‘langan puldan soliq olinadimi?

0
45

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5755-sonli Farmonining 7-bandiga asosan, 2019 yil 1 avgustdan boshlab jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga lisenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarga hayotini uzoq muddatli sug‘urtalash (barcha toifadagi hayot sug‘urtasi sohasi) bo‘yicha sug‘urta shartnomasining har bir amaldagi yili uchun sug‘urta mukofotini to‘lashga yo‘naltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi.

Bunda sug‘urtalangan shaxsning hayoti uchun sug‘urta to‘lovlari shartnoma bo‘yicha sug‘urta muddati boshlangan kundan boshlab kamida o‘n ikki oydan keyin amalga oshirilishi shart, deydi Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Aydos KOSHANOV.

Uzoq muddatli hayotni sug‘urtalash shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan va sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urtalangan shaxsga sug‘urta mukofoti qisman yoki to‘la qaytarilgan taqdirda, qaytarilgan sug‘urta mukofotining summasi jismoniy shaxsning soliqqa tortiladigan jami daromadiga kiritiladi. Bunda to‘lov manbaidan jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini ushlab qolish va byudjetga o‘tkazib berish majburiyati sug‘urtalovchiga yuklatiladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi PF­-5755­-sonli Farmon talablaridan kelib chiqib, agar sug‘urtalangan shaxsning hayoti uchun sug‘urta to‘lovlari shartnoma bo‘yicha sug‘urta muddati boshlangan kundan boshlab kamida o‘n ikki oydan keyin amalga oshirilsa, sug‘urta mukofotini to‘lashga yo‘naltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ­-4412-­sonli qarorining 6­bandida jismoniy shaxslar daromadlarining hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash (barcha toifadagi hayot sug‘urtasi sohasi) bo‘yicha sug‘urta mukofotlarini to‘lash uchun O‘zbekiston Respublikasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga lisenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarga yo‘naltiriladigan qismi yuzasidan soliq imtiyozlari quyidagi shartlarda qo‘llanilishi belgilandi:

a) sug‘urta summasi shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan kamida 12 oydan so‘ng biryo‘la to‘langanda. Bunda sug‘urta badallarini to‘lash sug‘urta summasini to‘lash sanasidan oldingi 12 oylik davrda o‘sib bormaydigan tartib bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lishi kerak.

Shartnoma bo‘yicha sug‘urtalangan shaxsning hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash (barcha toifadagi hayot sug‘urtasi sohasi) bo‘yicha muayyan yoshgacha yoki sanagacha yashashidan boshqacha tarzdagi sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda sug‘urta qoplamasini yoki sug‘urta summasini to‘lash ko‘rsatib o‘tilgan imtiyoz qo‘llanilgan holda shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan 12 oy o‘tmasdan amalga oshirilishi mumkin;

b) renta (annuitet) to‘lash shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan kamida 12 oydan so‘ng boshlanganda. Bunda joriy rentani (annuitetni) to‘lash sanasida shartnoma bo‘yicha haqiqatda jamlangan mablag‘lar (zaxira) summasi ko‘rsatib o‘tilgan renta (annuitet) ning to‘rt baravaridan kam bo‘lmasligi kerak;

v) rentani (annuitetni) to‘lash shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan 12 oy o‘tmasdan boshlanganda. Bunda dastlabki rentani (annuitetni) to‘lash boshlanadigan paytda haqiqatda to‘langan sug‘urta badallari summasi shartnoma bo‘yicha sug‘urta mukofotining yillik miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak va rentalarni (annuitetlarni) to‘lash ushbu bandning “b” kichik bandi talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozimligi belgilangan.

Qayd etilganlardan kelib, jismoniy shaxslar daromadlarining hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash (barcha toifadagi hayot sug‘urtasi sohasi) O‘zbekiston Respublikasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga lisenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarga yo‘naltiriladigan qismi yuzasidan soliq imtiyozini qo‘llash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqoridagi qayd qilingan hujjatlariga amal qilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

Bu haqda aniq.uz habar bermoqda.

Kommentariya qoldirish